Salom sizga, Гость! Ro'yhatdan o'tish RSS

BEKORCHI.UZ

Payshanba, 16.01.2025
Bosh sahifa » 2011 » Aprel » 7 » Telefonda gaplashib bo'lmaydigan gaplar !!!
19:48
Telefonda gaplashib bo'lmaydigan gaplar !!!
bekorchi.uz
Tiqilinch avtobus. Navbatdagi bekatdan yana bir necha yo‘lovchi chiqdi. «Tushadiganlarni o‘tkazvoringlar», «Ukajon, sal suriling», «Joy bor-ku, tushadiganlarga yo‘l beringlar» kabi jumlalar bilan biz yo‘lovchilarga tez-tez murojaat qilib turgan chiptachining ovozini eshitib, tanish bo‘lib qolgan, vaqtida yodlashga rosa qiynalgan bir tez aytish esimga tushib ketdi. U quyidagicha edi: «Yo‘lda turgan tushmaydigan yo‘lovchilar, yo‘lda turgan tushadigan yo‘lovchilar tushib olguncha, yo‘lda turgan tushmaydigan yo‘lovchilar, tushib turinglar. Yo‘lda turgan tushadigan yo‘lovchilar tushib olgandan keyin, yo‘lda turgan tushmaydigan yo‘lovchilar chiqib olasizlar». Chiptachi mana shu tez aytishni yodlab olsa yaxshi bo‘larkan, shunday tiqilinchlarda qo‘l kelishi shubhasiz, deb o‘ylab qo‘ydim. Yo‘q, chiptachini masxara qilyapti, deb o‘ylamang. Bu holatni chizib berishimdan maqsad avtobusning shunday tiqilinchligini ko‘rsatish, telefonda gaplashish tugul, yoningizdagi odamga gapirish ham malol kelishini aytib o‘tish edi. 

Ammo, shu paytda deraza oldidagi o‘rindiqda o‘tirgan qizning telefoni jiringlashi fikrlarimni chalkashtirib yubordi. Telefonda juda baland ovozda jaranglagan ko‘pchilik yoshlar yaxshi taniydigan rep yo‘nalishidagi bir xorijiy xonandaning gaplari, iya, uzr, qo‘shig‘i edi. Qiz telefonining ovozidan ham balandroq bir tonda javob berdi: «Allo, privet, rahmat, o‘zingiz ham yaxshi yuribsizmi? Uyingizdagilar yaxshimi? Ishlaringiz, o‘qishlaringiz ketyaptimi? Ha, o‘zim ham yaxshiman. O‘qishlar hammasi «besh». No, yomon emas. Da, oyijon, adajon yurishibdi, ishga borib-kelib. Uzr, tanimiyroq turibman, Dilnoza opa sizmisiz?»

Ana xolos. Tanimagan kishi bilan shuncha gaplashgan bo‘lsangiz, taniganingizda qancha so‘rashardingiz, degim keldi. Uning baland tondagi ovozi, qo‘shnisining yomonligi-yu kelinoyisining tilloligi to‘g‘risidagi gaplari jig‘imga tega boshladi. Sal pastroq gapirsa ham eshitsa kerak, deb o‘yladim ichimda. Lekin boshqa yo‘lovchilar kabi o‘zimni beparvo tuta boshladim. Ikkita bekatdan keyin tushaman-ku, deya o‘z-o‘zimga tasalli berdim. Ammo shu paytda avtobusning orqa qatoridan yana bitta erkak kishining telefonda gaplashayotgan ovozi kela boshladi. U bozordagi narx-navo va ishdagi muammolari, qachon, qayerda nimalar bo‘lganligi to‘g‘risida uzoq vaqt «muhokama yuritdi». Manzilimga yetgunimcha ana shunday suhbatlardan «bahramand» bo‘lib ketdim. Ularning baland ovozi bir-birining muloqotiga xalaqit qilmayotganiga hayron ham bo‘laman.

Bu kabi holatlarga hammamiz ham uchraganmiz. Ba'zilar ko‘chada qulog‘iga quloqchin (naushnik) taqib olsa bo‘ldi, o‘zini o‘zga olamda yurganday his qilishi ham bor gap. Ko‘pchilik quloqchinni taqib telefonda muomala qilar ekan, atrofdagi odamlarni unutib qo‘yadi.

O‘tgan hafta ko‘chada qulog‘ida telefon tutib olgan bir o‘smirni ko‘rib, vaziyat taqozosiga ko‘ra gaplariga quloq tutdim. Jarayonda muloqotning asosiy qismida tilga olingan gaplar uncha muhim emasligiga amin bo‘ldim. O‘rtoqlari o‘rtasida kechgan ba'zi voqelarni «O‘shanda shunaqa bo‘luvdi-ya?» deb gapirib berishi, har ikki gapining birida, «Yana nima yangiliklar?» deb qo‘yishi ularning aslida telefonda gaplashishga arzigulik gapi yo‘qligi, ammo qandaydir atrofdigilarni o‘ziga tortishmi, telefonda ko‘proq gaplashsa obro‘liroq ko‘rinaman, degan o‘ymi, ularni telefonda gaplashishga majbur qilayotganday tuyuldi. Aytmoqchi bo‘lganim, telefonlar shunday ommalashib, har soniyada xizmatga tayyor dastyorga aylangan ekan, uni kerakli o‘rinlarda ishlatish, unda gapirish mumkin bo‘lgan va bo‘lmagan gaplar va mavzularni ajratib olish, boshqacharoq aytadigan bo‘lsak, telefonda gaplashish madaniyati, ta'bir joiz bo‘lsa, san'atini egallash ham muhim va kerakli bo‘lgan hodisalar sirasiga kirib bormoqda. Shu bois, bugun telefonda gaplashish madaniyati haqida fikr yuritishni joiz topdik. Axir, bekorga ba'zi o‘rinlarda, «bular telefonda gaplashib bo‘lmaydigan gaplar», degan jumlani ishlatmaymiz. Har qanday holatda ham telefondagi muloqot odatiysidan farq qiladi.

Qator farqli jihatlar mavjudligiga qaramay, telefonda gaplashish umumiy muloqot madaniyatining bir qismi, bo‘lagi hisoblanadi. «Gapiruvchi apparat»ning beminnat xizmati tufayli ishchanlikni, faoliyatimizdagi samarani bir necha bor oshirish, ko‘p savollar va muammolarning javobini osonlik bilan topish, zarur paytda xat, telegramma yo‘llash yoki boshqa shaharga qisqa muddatli sayohat qilish mumkin. Odatiy muloqot imkoniyatlari kamlik qilgan holatlarda telefon bizga yordamga kelmoqda. Bularning hammasi faqatgina raqamni terish va chaqiruv tugmachasini bosish orqali amalga oshiriladi. Umuman olganda, telefonda gaplashish ish faoliyatining bir turi. Shu bilan birga, kundalik tarzimizdagi eng tezkor aloqa vositasi hisoblanadi. U juda ko‘plab muammolarni yechishga, aloqa o‘rnatishga yordam beradi. Shu bois, telefonga tegishli so‘zlashuv qoidalari ham ishlab chiqilgan.

Shuncha imkoniyatlarni qamrab olgan telefonda muloqot olib borish, buyruqlarni bajarish, iltimoslar bilan murojaat qilish, kelishuvlar haqida muhokamalar o‘tkazish mumkin. Ammo, bu har qanday holatda ham telefonda muloqot olib borish mumkin, degani emas. Masalan, rasmiy yoki uncha yaxshi tanish bo‘lmagan odamlarni biror bayram yoki tantana munosabati bilan telefonda tabriklab, qayg‘uli holatlarda telefon orqali hamdardlik bildirib bo‘lmaydi. Agar ish yuzasidan biror insonga mana shunday maqsadda murojaat qilish kerak bo‘lib qolsa, bu shaxsan murojaat etish yoki yozma shaklda bo‘lishi zarur. Albatta, juda yaqin insonlarga nisbatan mustasno holatlar ham bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, telefondan o‘z me'yorida foydalanish, muloqot madaniyatini o‘zlashtirish nafaqat atrofdagi odamlar uchun yoqimli, balki sog‘liq uchun ham foydaliligini e'tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Fmnokia.net saytida berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, elektromagnit to‘lqinlarni hisobga olganda, mobil telefonlarning ayni kundagi avlodlari ham xavfsiz sanalmaydi.

Telefondagi muloqot masofalarni tan olmagan holatda uzluksiz ikki tomonlama axborotlar almashinuvini ta'minlaydi. Ish yuzasidan muloqot ketayotganda, ayniqsa, diqqat bilan gapirish zarur. Bunday holatda, birinchi o‘rinda, o‘z fikrlaringizni asosli va lo‘nda ifoda qilishni o‘rganishingiz kerak. Amerikalik menejer A.Makkenzining bergan ma'lumotiga ko‘ra, aks holda ish vaqtining 20-30 foizi behudaga sarflanadi. Bu tadqiqotlar natijasida aniqlangan. Ish jarayonida vaqtning behuda sarflashining 15ta sababini o‘rganib chiqib, berilgan xulosaga ko‘ra, birinchi o‘rinni telefondagi muloqot egallagani ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, 30-40 foiz telefondagi so‘zlashuvni so‘z va iboralarni ikkinchi marta qaytarish, kerak bo‘lmagan pauzalar (to‘xtash), ortiqcha so‘zlar tashkil qilishi aniqlandi.

Bu sohadagi mutaxassislarning fikriga ko‘ra esa telefondagi suhbat qisqa va jonli bo‘lishi zarur. «Bu kim?», «Men qayerga tushdim?», «Kim telefon qilyapti?» kabi savollar bilan murojaat qilish nojoiz holatlar hisoblanadi. Qo‘ng‘iroqning maqsadi to‘g‘risida so‘rash ham suhbatdoshda ijobiy taassurot qoldirmaydi. Kimligini so‘rashda ham unga kim so‘raganini aytib qo‘ysam bo‘ladimi, deyish iltifot bilan maqsadni amalga oshirish turi hisoblanar ekan. Bunday savolga rad javobni berish qiyinligi ishni osonlashtiradi. Suhbatdosh so‘zlayotganda gapini bo‘lmaslik, oxirigacha eshitish, tushunmagan joylarni ham muloyimlik bilan so‘rash ishning natijasi ijobiy bo‘lishiga xizmat qiladi.

Psixologlar aniqlashicha, telefondagi muloqotning uzoq davomiyligi jarayondagi emotsionallikning oshishiga xizmat qiladi. Ortiqcha emotsionallik esa tilning sofligi, jumlalarning to‘g‘ri tuzilishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, telefondagi uzoq vaqtlik muloqotlar xodimlarning obro‘siga salbiy ta'sir qiladi. Demakki, telefondagi muloqotni boshqarish san'ati suhbatdoshdan qisqa xabar va javobni tezkor olishni o‘z ichiga qamrab oladi. Yaponiya firmalarida xodimlarni ishga olishda ularning qiyin savollarga ham telefonda uch daqiqa ichida yechim topa olishi inobatga olinadi. Ish bo‘yicha olib borilgan telefondagi muloqotning asosiy muvaffaqiyatli xususiyatlarini esa quyidagilar tashkil etadi: asoslilik, taktiklik, xayrixohlik, suhbatni boshqarishni qo‘lga olish, tezkor maqsadga o‘tish, muammoni tezlik bilan yechish va suhbatdoshingiz fikrlariga o‘z fikringizni bildirish. Bu odatiy turmush tarzidagi suhbatlarga kirib kelsa ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Yana bir muhim jihat, nafaqat ish yuzasidan amalga oshirilgan muloqot, balki odatiy suhbat ham sokin ohangda olib borilishi kerak. Bu atrofimizdagilarga qulaylik tug‘dirish bilan birga, qo‘ng‘iroqning samarasini oshiradi. Zotan, ingliz faylasufi Frensis Bekon aytganidek, xayrixoh ohangda suhbatni olib borish yaxshi so‘zlarni ishlatgandan ko‘ra muhim va samaraliroqdir.

O‘z hayotining muhim hodisalarini kim bilandir masofalar bilan hisoblashmagan holatda o‘rtoqlashishni xohlovchilar uchun uyali aloqa ayni muddao bo‘lmoqda. Ularning ko‘pchiligi esa telefonning inson salomatligiga ta'siri haqida o‘ylamasligi kuzatilgan. Quyidagi statistika mazkur fikrni isbotlab turibdi. Uyali aloqa operatorlari ma'lumotiga ko‘ra, 70 foizga yaqin foydalanuvchilar telefonda kuniga 30 daqiqadan ko‘p gaplashadi. 30 foiz insonlar esa 2ta telefon apparatiga ega va ularning ikkalasidan bir vaqtning o‘zida foydalanadi. 40 foiz foydalanuvchilar telefonni tunda uxlash jarayonida boshidan 0,7 metrgacha bo‘lgan masofada saqlaydi. Faqat 20 foiz foydalanuvchilargina mobil telefonning inson salomatligi uchun zararli ekanligidan xabardor.

Bir tasavvur qilib ko‘ring. Siz bugun qo‘l telefoningizsiz ko‘chaga chiqishingiz zarur. Qancha noqulayliklar sizni kutmoqda. Masalan, men bu holatni tasavvur qilishga qiynalaman. Faqat ancha qiyinchilik va ko‘pgina muammolarga duch kelishimnigina ko‘z oldimga keltira olaman. Demakki, shusiz ham telefon kundalik turmush tarzimizning bir qismi. Uni yanada o‘zimizga bog‘lash, kerak-kerak bo‘lmagan holatlarda undan foydalanishga chek qo‘yish, telefonda gaplashish madaniyatini chuqurroq o‘zlashtirishimiz kerak emasmikin?
Категория: DUNYO XABARLARI | Ko'rildi: 1759 | Qo'shdi: ANIMEADMIN
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Ro'yhatdan o'tish | Kirish ]